30 may kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘n birinchi syezdi bo‘lib o‘tdi.
Unda prezident lavozimiga nomzod Shavkay Mirziyoyev o‘z dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida aytib o‘tdi.
Dastur beshta maqsadni qamrab olgan bo‘lib:
Birinchi maqsad: Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish
Ushbu maqsadga erishish uchun maktabgacha va maktab ta’limini yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha yangi dasturlarni amalga oshirish, 2030-yilgacha maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplab, qamrovni 100%ga yetkazish, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha xarajatlarini davlat tomonidan to‘liq qoplab berish kabi takliflar ilgari surilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda maktablarda qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rni yaratish, “Yiliga besh yuz ming o‘quvchi o‘rni” dasturini amalga oshirish, xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar berish, chekka hududlarda maktab avtobuslarini bepul yo‘lga qo‘yish, barcha tuman va shaharlarda “Iste'dod — Intilish — Istiqbol” maktab-internatlarini tashkil etish kabi muhim masalalar ham qamrab olingan.
Ikkinchi maqsad: Odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash
Ushbu yo‘nalishda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi $2,2 mingdan $4 mingga oshirib, mamlakatimizni “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiritish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish, eksport hajmini 2 barobarga oshirib, $45 mlrdga yetkazish kabi vazifalar belgilab olingan.
Mazkur yo‘nalishda qayta tiklanuvchi energiyadan keng foydalanishni jadallashtirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari 25 ming mega-vattga, ularning jami quvvatlardagi ulushini 14%dan 40%ga yetkazish choralari nazarda tutilgan.
Uchinchi maqsad: Suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish
Xususan, 2030-yilga qadar ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish, sohaga bozor mexanizmlarini olib kirish, suv tejaydigan texnologiyani joriy etgan fermer va dehqonlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada ko‘paytirish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni kelgusi yetti yilda 1,6 mlndan 2,3 mln gektarga, respublikada ko‘kalamzorlik darajasini 30%ga yetkazish, yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh bo‘lishi haqida talabni qo‘yish, aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan 100% qamrab olish nazarda tutilgan.
To‘rtinchi maqsad: Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish
Bu borada davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, ayrim soliqlarni bevosita mahallaga yo‘naltirish kabi choralar nazarda tutilmoqda.
Dasturda qonun ustuvorligi ta’minlash, sud mustaqilligi va odilligini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar nazarda tutilgan. Xususan:
- sud-tergov jarayonlarida holislik va adolatni ta’minlash maqsadida tergovda huquqni cheklashga doir sanksiyalar alohida sudyalar tomonidan berilishi bo‘yicha tartibni o‘rnatish;
- fuqarolarni “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyotini kamaytirish va buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyatini yaratish, shuningdek mazkur masalada sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish;
- jinoyat sodir qilgan shaxslarni ular kelgusida tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun muqobil jazo turlarini kengaytirish, tadbirkorlar uchun jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirish hamda Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorni tergov-sud jarayonida himoya qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish masalalari inobatga olingan.
Beshinchi maqsad: Yangi O’zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat
Ushbu yo‘nalishda Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimiz taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun ularga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha tizimli choralarni ko‘rish taklif etilmoqda.