Rossiyaning “SLAVA” dizaynerlik kiyimlari va aksessuarlari brendi MDH mamlakatlari bozorlariga chiqishga hozirlik ko‘rmoqda, deb yozadi “Izvestiya” nashri.

Tarmoq yaratuvchisi Aleksandr Peremyatov nashrga ma’lum qilishicha, tarmoqning universal do‘konlari Belarus va O‘zbekistonda ochilishi rejalashtirilgan.

Biroq u aniq sanani aytmadi va yangi manzillarni ishga tushirish katta sarmoya talab qilishini ta’kidladi.

“Xitoy bozori hozir Rossiya kompaniyalari uchun eng istiqbolli ko‘rinadi va biz rossiyalik dizaynerlarni Osiyo bozorlariga olib chiqish yo‘llari ustida ishlamoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Peremyatov.

Shuningdek, nashr, “Eterna” brendi bosh direktori Dmitriy Tomilinning so‘zlariga ko‘ra, “Melon Fashion” guruhini kengaytirish rejalarini e’lon qildi.

“Zarina”, “Befree, “Love Republic”, “Sela” brendlari egasi beshta davlatda do‘kon ochish niyatida, biroq hozircha qaysi davlatda do‘konlar ochilgani aytilmagan.

“SLAVA” universal do‘konlari tarmogi 2015-yildan beri vaqtinchalik do‘konlar va tematik yarmarkalar formatida ishlamoqda. 2020-yilda kompaniya doimiy savdo nuqtalarini ochishni boshladi. Hozirda savdo nuqtalari soni 8 tani tashkil qiladi.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Bork” maishiy texnika brendi O‘zbekistonda do‘konlarini ochmoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, doʻkonlar 2023-yil oxiri yoki 2024-yil boshida ochilishi rejalashtirilgan.