Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ko‘p kvartirali uylarda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy amalga oshirilgan o‘zgartirish va qurilishlar bo‘yicha huquqbuzarlarga tegishli tartibda maʼmuriy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Xabarda keltirilishicha, o‘zgartirilgan joylar mulkdor tomonidan avvalgi holatiga qaytarilmoqda.
Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumani Markaz-1 (S-1) hududida joylashgan 21, 27, 28 va 31-uylarning bir qator xonadonlari mulkdorlariga nisbatan jami 80 mln so‘mga teng maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Shu jumladan, mazkur hududda joylashgan “Chaykof” qahvaxonalari tarmog‘i binosi ham buzib tashlandi.
“Xo‘sh, do‘stlar?! S-1 dagi ko‘plab qo‘shnilarimiz kabi „Chaykof“ ham endi yo‘q”, — deb yozadi “Chaykof” boshqaruvchi hamkori Alina Simerman o‘zining “Facebook"dagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 28 may kuni soliq inspeksiyasi vakillari qahvaxonadan binolarning kadastrini so‘rashgan. Xodimlar ularni taqdim qila olmagach, ishga prokuratura va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi qo‘shilgan. Hokimiyat qarori bilan qahvaxona va qo‘shni muassasalar binolari 29-may kuni buzib tashlandi.
Simermanning ta’kidlashicha, bu bo‘yicha hech qanday bildirishnoma yoki sud qarori yuborilmagan, shuningdek, muammolarni tuzatish uchun muddat ham berilmagan.
“Ha, bizda ruxsatnomalar yo‘q, lekin ularni olishning iloji yo‘q — bunday ruxsatnomalarni beradigan hech qanday tartibga soluvchi organ yo‘q”, — deydi Alina.
Shuningdek, u prezidentning 2020-yil 20-iyuldagi farmoniga to‘xtalib, unda Shavkat Mirziyoyev yengil konstruksiyalarni joylashtirishga qo‘yiladigan talablar va mavsumiy kafelarning ishlash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida topshiriq berganligini ta’kidladi.
Hujjatda oxirgi muddat 2021-yil boshigacha ko‘rsatilgan, ammo bu bo‘yicha haligacha hech qanday ish amalga oshirilmagan.
“Pie Republic” va “Pasternak” hammuassisi Laziz Gulyamov ham bu prezident qaroriga ochiqdan-ochiq e’tiborsizlik ekanini qayd etdi.
“Dikaryom”, “Svidalnya” hamda “Belle Maman” asoschisi Artur Rudomyotkin so‘zlariga ko‘ra, Shaxrisabz ko‘chasida joylashgan “Belle Maman” restorani yozgi ayvonini ham buzish bo‘yicha qaror chiqqan.
“Teppanyaki” asoschisi Akrom Mirsaidov so‘zlariga ko‘ra, yozgi ayvonlarning olib tashlanishi natijasida biznes katta yo‘qotishlarga duch keladi. Xodimlarning 25−40%ini ishdan bo‘shatishga to‘g‘ri keladi.