Avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish ya’ni “tonirovka” qilish uchun ruxsatnoma olish zarur. Buni esa onlayn ravishda amalga oshirish mumkin.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, buning uchun shaxsiy sahifa ochilgan bo‘lishi zarur.

Buning uchun qidiruv tizimiga “Avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish” kalit so‘zlarini kiritish orqali kerakli sahifa shakllanadi.

Undan foydalanish uchun hech qanday hujjat kerak emas hamda bor yo‘g‘i ikki soat ichida ruxsatnomaga ega bo‘lish mumkin.

Mazkur xizmatdan foydalanish pullik bo‘lib, Yagona portaldan foydalanganda 10%lik chegirma ham taqdim etiladi.

“Tonirovka” uchun quyidagicha pul undiriladi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar avtomobillarining old yon oynalari uchun BHMning 7,2 baravari — 2 mln 376 ming so‘m;
  • avtobus, mikroavtobus hamda uchinchi sinf avtotransportlari uchun BHMning 36 baravari — 11 mln 880 ming so‘m.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlarning yuridik shaxslari uchun:

  • avtomobilning old yon oynalarini tonirovka qilishga BHMning 12,6 baravari — 4 mln 158 ming so‘m.

Portalda “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosib, arizachi va avtotransport vositasi haqidagi ma’lumotlarni kiritish kerak.

Oxirgi qadamda to‘lov amaliyotini bajarish zarur. Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


Avvalroq “Spot” kira qilish uchun litsenziya varaqasini qanday onlayn olish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.