Majburiy ijro byurosi Mirobod tumanidagi ofis binosini sotuvga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.

Ikki qavatli bino 2004-yilda Mirobod ko‘chasiga tutash yon ko‘chada, Grand Mir mehmonxonasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda qurilgan.

Saytdagi fotosuratdan ko’rinib turibdiki, hozirda interyer ustida ish olib borilmoqda.

Umumiy maydoni 1270 kv.m.ni egallagan bino 18 ta xonadan iborat bo‘lib, suv va kanalizatsiya bor, lekin gaz yoki elektr yo‘q.

Boshlangʻich sotuv narxi 16,88 mlrd soʻm deya baholangan boʻlsa, zakalat puli esa 844 mln soʻmni tashkil qiladi.

Auksion 3-iyul kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati shu kuni soat 09:00 da yakunlanadi.

Lot Toshkent tumanlararo xo‘jalik sudining 2022-yil oktabrda chiqarilgan hal qiluv qarori (4−1001−2227/34481-sonli ijro hujjati) bilan sotuvga qo‘yilgan.

Bungacha Majburiy ijro byurosi shu hududda qurilishi tugallanmagan besh qavatli uyni 45 mlrd so‘m boshlang‘ich bahoda kimoshdi savdosiga qo‘ygandi.