Prezidentning “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich:

  • maktablarning 1−4-sinflarida o‘quvchilarga boshlang‘ich, 5−9-sinflarida tayanch hamda 10−11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos o‘quv dasturlari va o‘quv-metodik majmualar joriy etiladi;
  • baholashning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda o‘quvchining o‘tilgan mavzuni amaliyotda qo‘llay olishi, tanqidiy fikrlash va tahlil ko‘nikmalari baholanadi;
  • boshlang‘ich sinflarda informatika, o‘rta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik darslari o‘tiladi;
  • barcha fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60%ga yetkaziladi.

2024-yildan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi.

Bunda 2023/2024 o‘quv yilidan o‘qituvchilar stajyor-o‘qituvchi sifatida ishlaydi va 1 yilda sertifikat olishi talab etiladi.

2024-yildan davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda — pedagogik mahorati baholanadi.

Farmon bilan 2024-yil 1-iyundan bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilarning oyligi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtiriladi.


Avvalroq “Spot” prezident maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.