Avvalroq “Spot” Toshkentda Markaz-1 (S-1) hududida joylashgan kafe va restoranlar yozgi ayvonlari buzib tashlanayotgani haqida yozgandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ko‘p kvartirali uylarda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy amalga oshirilgan o‘zgartirish va qurilishlar bo‘yicha huquqbuzarlarga tegishli tartibda maʼmuriy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Vaziyatga Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.
Hokimlikning qayd etishicha, Markaz-1 mavzesida Vazirlar Mahkamasining 485-sonli qaroriga zid ravishda tadbirkorlik subyektlari tomonidan noqonuniy, qo‘shimcha qurilmalar qurib olingan.
Tadbirkorlar bu COVID-19 pandemiya sharoitida ularga berilgan yengillik va qulaylik ekanligini taʼkidlab, hududni tartibga keltirishga qarshilik qilishgan.
Hokimlik ammo har qanday faoliyat qonun doirasida olib borilishi shart ekanligi va o‘rganishlar bunday holatlar to‘liq bartaraf etilishini maʼlum qilgan.
“Hududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning roziligi ham tadbirkorlik subyektlarining noqonuniy qurilishlari buzilishining oldini olmasligini bildiramiz”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, hokimlik o‘z faoliyatini qonun doirasida olib borayotgan barcha tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashini va o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha qurilmalar qilib faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarni tartibga chaqirishini ma’lum qilgan.