“Hayat Mediсal Centre” hammuassisi va rahbari Nuriddin Nuriddinov tibbiyot sohasiga tasodifan kirib kelmagan: u bolaligidan shifokor bo‘lishni — odamlarga yordam berishni, hayotlarni saqlab qolishni orzu qilgan.
Magistraturada o‘qiyotgan paytida, u kechqurunlari davlat klinikasida shoshilinch tibbiy yordam shifokori bo‘lib ishlagan. Keyinchalik xususiy sektorda tajriba orttirgan. Shunda Nuriddin shunday xulosaga keladi: odamlar bepul tibbiy xizmatning mavjud ekanligiga qaramay, xizmat uchun pul to‘lashga tayyor.
Aynan shu xulosa, Nuriddinning so‘zlariga ko‘ra, uni o‘qishni tugatgandan so‘ng kichik xususiy tibbiyot klinikasini ochishga undagan, keyinchalik u katta sarmoyalarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan va “Hayat” klinikalar tarmog‘iga aylangan.
Nuritdinov “Spot"ga faoliyati davomida qanday xatolarga yo‘l qo‘ygani, kimlar tomonidan aldanib qolgani va tibbiyot sohasida biznes qurishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida so‘zlab berdi.
Xodimlarning ishini nazorat qilmaganman
Dastavval, kompaniya nomini keng yoyish masalalari bo‘yicha agentlik bilan hamkorlik qildik. Ammo bir muncha vaqt o‘tgach, men shtatda bu masala bo‘yicha guruhga ega bo‘lishni xohladim: ish ko‘lami va budjet buni amalga oshirishga imkon berardi. Shunday qilsak yanada samaraliroq bo‘ladi deb o‘yladim.
Ko‘plab nomzodlar ish bo‘yicha e’lon orqali bizga murojaat qilishdi. O‘z ishini uddalay olmagan xodimni tanlayotganimizda hammasi yaxshi edi: yaxshi rezyumesi, bir nechta muvaffaqiyatli keyslardan iborat ish tajribasi bo‘lgani uchun tanlagan edik.
Ishonch va uning ishini nazorat qilish uchun vaqtning deyarli yo‘qligi uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni yuritishni deyarli to‘xtatib qo‘yishiga, ishni o‘z vaqtida topshirmasligiga va ish sifati tushib ketishiga olib keldi.
Bundan tashqari, u kabinetda o‘z agentligining ofisini tashkil qilib oldi — u yerda o‘z mijozlarini qabul qilib, parallel ravishda boshqa loyihalarni yuritishni boshladi.
Bu haqda uning boshqa kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalarini ish stolida ko‘rganimizda bilib qoldik.
Unga berilgan savolga javob berishda gapni aylantirib o‘tirmadi, boshqa mijozlardan voz kechmasligini aytdi. Ishlarning bunday ketayotgani bizni qoniqtirmadi, shuning uchun biz u bilan do‘stona ruhda xayrlashdik.
Bu voqea bizga bir narsani o‘rgatdi, to‘liq ishonch bildirish va ishni nazorat qilish uchun vaqt ajrata olmaslik muvaffaqiyatsizlikka olib keladi.
Bugun biz agentlik bilan ishlaymiz: katta tajribaga ega bo‘lgan professionallar jamoasi topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajaradi. Hozir marketing va brending bo‘yicha xodimni shtatga ishga olish rejamizda yo’q.
Davlat sektori bilan ishlaganman
Davlat sektori bilan ishlash tajribamiz ham bo‘lgan — bir qancha loyihalar ishlab chiqildi. Misol uchun, bir necha yil oldin men davlat poliklinikasida navbatdagi laboratoriya tadqiqotlari uchun biomateriallarni qabul qilish punktini ochishga qaror qildim.
Bu bemorlar uchun qulay bo‘lgan, xususiy laboratoriyalarga borish va vaqtni behuda sarflashga hojat qolmasdi.
Muzokaralardan so‘ng bosh shifokor bizga ruxsat berdi. Kelishuv bo‘yicha biz klinikadagi maydonni ijaraga oldik, kelishib ishlay boshladik.
Boshqaruvda kadrlar o‘zgarishi tez-tez — har olti oyda yoki yilda bir marta sodir bo‘lardi. Shu bilan, rahbariyatning doimiy o‘zgarishi tushunmovchilik va kelishmovchiliklarga olib keldi.
Har doim yangi boshliqlarga dalillar keltirib, loyihamizning afzalliklarini isbotlashga majbur bo‘lardik.
Hamkorlikni muddatidan oldin to‘xtatishga va endi davlat sektori bilan ishlamaslikka qaror qildik. Biz uchun bu qiziq va manfaatli emas. Bunaqasi ham bo‘ladi.
Shoshilinch qarorlar qabul qilingan
Bir necha yil oldin biz davolovchi shifokor lavozimiga xodimni ishga oldik.
Biz hamkorlikning barcha shartlarini muhokama qildik va mehnat shartnomasini imzolashdan oldin u uchun ofis tayyorladik, avvalgi ish joyida bo‘lmagan, lekin o‘zi ega bo‘lishni istagan asbob-uskunalarni xarid qildik.
Ishni boshlashdan oldin, tom ma’noda, so‘nggi daqiqada, u AQShga amaliyot o‘tash uchun ketayotganini aytib, ishlashdan bosh tortdi. Vaholanki, u intervyuda amaliyot haqida bir og‘iz so‘z ham aytmagandi.
$20 mingga sotib olingan uskunalar yarim yil davomida, toki biz boshqa ishchi yollamagunimizcha ishlatilmasdan yotdi.
Nega olti oy? Chunki malakali va tajribali shifokorlarni topish oson emas. Tegishli malakaga ega bo‘lmagan mutaxassislarni yollash mening qoidalarimga mos kelmaydi.
Endi biz mutaxassislarni ishga qabul qilib, ular bilan olti oydan yoki bir yilgacha ishlaymiz, ularning professionallik darajasiga qaraymiz va shundan keyingina biz uskunalarni “yangilashni”, qo‘shimcha uskunalar sotib olishni, faoliyatimizni kengaytirishni boshlaymiz.
O‘z sog‘ligim haqida o‘ylamaganman
Endi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan paytlarim kam dam olardim.
Ertalab soat 7 da ish boshlagan va yarim tunga kelibgina tugatgan paytlarim ham bo‘lgan. Bu taxminan besh yil davom etdi.
Yaqinda buning sog‘lig‘imga ta’sir qila boshlaganini angladim: qon bosimim birdan ko‘tarilishni boshladi, arterial krizlar kuzatildi, men birdan va tez-tez charchaydigan bo‘lib qoldim va bularning barchasi hayot va ish sifatiga ta’sir qilmasligi mumkin emasdi.
O‘shandan beri men haftada bir kun dam olishga va shu kuni ishdan butunlay voz kechishga, vaqtimni oilam va sog‘lig‘imga bag‘ishlashga qaror qildim.
Kelgusi uch yil ichida miyam va tanam kuch to‘plab olishi uchun o‘zimga ikki doimiy dam olish kuni e’lon qilishni rejalashtirmoqdaman.
Ishonchsiz sheriklar tanlaganman
Ushbu xato klinika faoliyati bilan bog‘liq emas. Men bu xatoni yoshligimda, do‘stim bilan kichik korxona ochganimizda qilganman: uyimiz yonidagi issiqxonada ko‘katlar yetishtirib, ulgurji bozorda sotardik.
Har kuni ertalab ko‘katlar javonlarda estetik jihatdan yoqimli va mazali ko‘rinishi uchun ularni ehtiyotkorlik bilan tartibga keltirardik (tabassum qiladi).
Endi ish boshlaganimizda, tadbirkorlik borasida deyarli hech qanday tajribamiz bo‘lmagan paytlarda, biz vijdonsiz ko‘kat sotuvchisiga duch keldik.
Bizning mahsulotimizni ko‘rib, u ishtiyoq bilan hammasini ulgurji narxda sotib olishga qaror qildi.
U faqat bitta narsa — ulgurji savdo tugashini kutishimizni iltimos qildi. Bizning mollarimizni o‘z bo‘yniga olishini, faqat sotgandan keyingina bizga to‘lay olishi mumkinligiga ishontirdi. Biz rozi bo‘ldik.
Shu bilan biz uch soat kutdik — ertalab soat beshdan sakkizgacha. Qaytib kelgach, ba’zi jihatlarga e’tibor qaratishimiz kerakligini, mahsulot sifatsizligi aytgan holda yolg‘on gapirib, ko‘katlarni arzon narxda sotib olishga tayyorligini aytdi.
Bozorda xaridor qolmagani uchun ko‘katlarni boshqa birovga berishning iloji yo‘q edi. Uni o‘zimiz bilan olib ketish va ertasi kuni sotuvga olib kelish ham ilojsiz edi. Harqalay, ko‘kat — tez buziladigan mahsulot.
Keyingi safar biz ishonchli sherik topdik, unga barcha mahsulotlarni berdik va darhol pulini oldik.
Bu voqea meni kelajakda o‘zimga ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatdi va ishonchli hamkorlarga ega bo‘lish har qanday biznesda muvaffaqiyat kaliti ekanligini anglab yetdim.
Shuning uchun odamlarga so‘zsiz ishonishni maslahat bermayman. Iloji bo‘lsa, surishtiring, kichik qiymatdan boshlab ko‘ring.