Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlariga soliq imtiyozlari taqdim etilishi bo‘yicha qonun Oliy Majlis Senati senatorlari tomonidan ma’qullandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Soliq kodeksiga ayrim o‘zgartishlar kiritilishi belgilanmoqda.

Kiritilgan oʻzgartirishlarga 2028-yilgacha Qoraqalpogʻiston tadbirkorlari uchun daromad, aylanma, mulk va yer soligʻi 50%gacha kamaytiriladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanmoqda.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq esa shaharlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 12 baravarga, tumanlar darajasida 6 baravarga kamaytirilmoqda.

Shuningdek, senatorlar “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni ham ma’qulladilar.

Unga koʻra, 2027-yil 1-oktabrgacha Qoraqalpog‘istonning nodavlat ta’lim tashkilotlari chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilish uchun konsullik yig‘imlari va davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.


Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan aprel oyidagi O‘zbekistondagi ishbilarmonlik faolligini tahlil qilgandi.

Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning aprel oyida respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9%ga oshgan.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonda (15,6%) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.