“UzAuto Motors” matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda iyul oyi boshidan Chevrolet Cobalt va Gentra avtomobillari narxi oshishi kutilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.
“Kompaniya bu bo‘yicha hech qanday ma’lumot taqdim qilmagan. Ushbu ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas va yolg‘onligini ta’kidlab o‘tish kerak”, — deyiladi xabarda.
Turli sahifa egalarini odamlar e’tiborini tortish uchun ular qiziqqan yo‘nalishda biror bir faktga asoslanmagan axborotni tarqatmaslikni so‘rashini qayd etgan.
Kompaniyaning rejalari, jumladan, mahsulot narxlari haqidagi rasmiy maʼlumotlar rasmiy kanal va sahifalarda eʼlon qilinmoqda, deya taʼkidlanadi “UzAuto Motors” xabarida.
Avvalroq “UzAuto Motors” Cobalt va Lacetti narxlari oshishi haqidagi xabarlarni rad etgandi.
Xususan, 1-iyundan mazkur avtomobillar narxi $20−23 mingga oshmaydi. Bu bo‘yicha hech qanday rasmiy ma’lumot taqdim etilmagan.
Dekabr oyida “UzAuto Motors” “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berishni to‘xtatdi.
Oradan ko‘p o‘tmay esa “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatdi.
Joriy yilning 4-yanvar kuni kompaniya texnik ishlar — dasturiy ta’minot yangilanishi va inventarizatsiya tufayli buyurtmalar qabul qilish, oldindan to‘lovlar va avtomobillarni chiqarish to‘xtatilganini e’lon qildi. 9-yanvar kuni esa shartnoma tuzish va avtomobilni chiqarish bo‘yicha mazkur muddat yana uzaytirildi.
17-yanvarga kelib, “UzAuto Motors” avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar berishni tikladi hamda QQSni kamaytirish orqali avtomobillar narxini ham pasaytirishni e’lon qildi.
Yanvar oxiriga kelib, kompaniya bir nechta modellar uchun shartnomalar berishni qayta tikladi.
Ular qatorida “Malibu”, “Equinox”, “Traverse” kabi avtomobillar mavjud bo‘lib, QQSning pasayishi hisobiga shundan faqat Malibuning narxi arzonlashgandi.