Aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish kiritilgandi.

Unga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori quyidagi tartibda oshirilishi belgilangan:

  • 2023 yil 1-sentabrgacha 100 mlrd so‘mga;
  • 2023-yil 1-sentabrdan 200 mlrd so‘mga;
  • 2024-yil 1-apreldan 350 mlrd so‘mga;
  • 2025-yildan 500 mlrd so‘mga.

Ijtimoiy tarmoqlarda banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha qo‘yilgan talablarga sakkizta bank kapitali javob bermasligi haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank bu bo‘yicha munosabat bildirdi.

Xususan, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdori yuqori tartibda oshirilishi belgilangan.

Markaziy bank qonun loyihasi ishlab chiqilayotgan vaqtda, tijorat banklariga ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazish bo‘yicha aniq choralarni belgilash va uning ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar bergan.

Ustav kapitali miqdori belgilangan minimal talablarga javob bermaydigan banklarga nisbatan qonun hujjatlariga asosan boshqa banklarga qo‘shilish tavsiya etiladi, deyiladi xabarda.

Agar banklar bunday qilishmasa ulardan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olinadi.

Xususan, “Hamkorbank”, “KDB Bank”, Asia Alliance Bank" hamda “Ravnaq bank” kabilarning ustav kapitali joriy yilning 1-sentabridan oshirilishi belgilangan qiymat — 200 mlrd so‘mga yetmaydi.


Avvalroq Markaziy bank to‘lov xizmatlari va tizimlarining ishlashini monitoring qilish tartibini belgilab bergandi. Ularning faoliyatini nazorat qilishda regulyator sirli mijoz sifatida nazoratni amalga oshirishi mumkin.