O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida raqamli TIR (yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish daftarchasi) dasturi bo‘yicha dastlabki xalqaro tashuvlarga start berildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.

Endilikda qog‘oz cheklovlaridan holi bo‘lgan mazkur tizim bojxona chegarasidan yuk tashish chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi rasmiylashtiruv jarayonini aniq va qisqa vaqt oralig‘ida amalga oshirish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekistonda joriy etilgan TIRni raqamlashtirish loyihasi endilikda Turkmanistonda ham amaliyotga joriy etilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro yuk tashuv jarayonida qog‘ozsiz tartibni qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalroq O‘zbekiston Turkmaniston bilan yuk tashuvlarini amalga oshirishda E-Permit tizimiga o‘tilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi transport va kommunikatsiyalar agentligi raisi Mammetxan Chakiyev bilan transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgandi.

Xususan, tomonlar yuk tashuvlari jarayonida vujudga kelayotgan ayrim qiyinchiliklarni bartaraf etish orqali transport-tranzit aloqalarini kenagaytirish yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, yuk tashuvlari jarayonini tezlashtirish maqsadida chegara operatsiyalarini osonlashtirish uchun tarif va bojlarni unifikatsiya qilish va uyg‘unlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston tomon avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishda ruxsatnoma blankalarini elektron tarzda almashishni nazarda tutuvchi E-Permit raqamli tizimiga o‘tish taklifini bildirdi.

Shuningdek, muzokaralar davomida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron transport yo‘lagini rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ham ko‘rib chiqildi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikkita chegara posti faoliyati qayta tiklanishi mumkinligi haqida yozgandi.