“O‘zaeronavigatsiya” markazi tomonidan QR-kod yordamida uchuvchisiz uchish apparatlari uchun taqdim etilgan ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda “Uzaviatsiya” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, parvoz uchun ruxsat tasdiqlangach, arizachi uchun mobil qurilmada chop etilishi yoki saqlanishi mumkin bo‘lgan QR-kodli ruxsatnoma beriladi.
Mazkur QR-kodni skanerlash yordamida ma’lumotlar holatini tekshirish mumkin. Shu bilan birga, operator hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi muloqotni yengillashtirish imkonini beradi.
2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.
Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.
2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.
Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
Yil boshida prezident Oʻzbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.