“Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hududlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

2024-yildan quyidagilar agentlik tuzilmasiga o‘tkaziladi:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari;
  • mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari.

2024-yilning 1-avgustidan esa quyidagilar:

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari.

Joriy yilning 1-iyulidan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhlari tashkil etiladi.

15-avgustgacha esa aholini ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish dasturlari bo‘yicha, shu jumladan ularning mobil aloqa vositalariga ma’lumot yuborish orqali xabardor qilish amaliyoti joriy etiladi.

Kelasi yilning yanvarigacha:

  • davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlarini hamda ularning ijrosini monitoring qilish mezonlari;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni uyda parvarishlash bilan band bo‘lgan oila a’zolariga ko‘maklashish bo‘yicha ijtimoiy himoya mexanizmlari ishlab chiqiladi.

2023-yil 1-oktabrgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi ishga tushiriladi hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi agentlik tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

2024-yildan “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va ko‘maklar qamrab olinadi.

Har haftaning juma kuni “Mehr va saxovat kuni” sifatida belgilanib, barcha davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojmand aholi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.


Avvalroq Davlat xizmatlari markazlarida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish punktlari o‘rnatilishi ma’lum qilingandi.