Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti Antonella Bassani rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Tashrif davomida prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumatning boshqa rasmiy vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bank matbuot xizmati tashrif natijalarini taqdim etdi.
Uchrashuvlar davomida 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasida belgilangan kambag‘allikni kamaytirish va keyingi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha hukumat rejalari muhokama qilindi.
“Mamlakat o‘zining ulkan salohiyatini to‘liq namoyon qilishi uchun turli sohalarda keyingi tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishi zarur. Bunga inson kapitaliga investitsiyalarni ko‘paytirish, xususiy sektorning o‘sishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlash orqali erishish mumkin”, — dedi Antonella Bassani.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev va Antonella Bassani o‘rtasidagi uchrashuvda tomonlar Jahon bankining moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston hukumati loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirdi.
Nimalar amalga oshirildi?
Bular qatorida qiymati $240 mln bo‘lgan “O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish. 2-bosqich” loyihasi hamda $15 mln.lik “O‘zbekistonda moliya sektorini isloh qilish” loyihalari bor.
“Bu loyihalar tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilishga hissa qo‘shadi va mamlakatdagi yanada iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashadi”, deyiladi xabarda.
Antonella Bassani Samarqand viloyatiga safari davomida Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning natijalari bilan tanishdi.
Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy Markazi Samarqand filiali faoliyati Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida yaxshilangan.
Jumladan, Markaz ehtiyojlari uchun loyiha mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 1,3 mln.dan ortiq mablag‘ga diagnostika, laboratoriya, jarrohlik va sterilizatsiya uskunalari hamda boshqa tibbiy buyumlar xarid qilingan.
Antonella Bassani viloyatdagi oqova suvlarni qayta tozalash inshootiga ham tashrif buyurdi. Inshootning faoliyati Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida yaxshilanib, inshootning eskirgan infratuzilmasini tiklash va modernizatsiya qilishga 13 mlnga yaqin mablag‘ investitsiya qilingan.
Loyiha natijasida 90 mingdan ortiq foydalanuvchi yangi qurilgan va ta’mirlangan oqova suvlar tarmoqlariga ulandi.
Nimalar belgilanmoqda?
Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturlardan biri bo‘lib, umumiy qiymati $5,9 mlrdga yaqin moliyaviy majburiyatlari bo‘lgan 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Jahon banki Oʻzbekistonga $296 mln miqdorida kredit ajratishi ma’lum bo‘lgandi. Kredit mablag‘larining $143 mlni ijtimoiy binolarda energiya samaradorligini oshirishga, $142 mln esa landshaftlar barqarorligini oshirish va o‘rmonlarni qayta tiklashga uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, ikkinchi loyiha doirasida tadbirlar va konsultativ xizmatlarni moliyalashtirish uchun $11 mlnlik grant mablag‘lari ajratiladi.
Aprel oyida Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjatda loyihani amalga oshirish uchun bankning Direktorlar kengashi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan $143 mln miqdorida qarz mablag‘lari ajratilgani qayd etilgan.