Surxondaryo viloyatidagi Darband-Boysun-Elbayon avtomobil yo‘lining 5−70 km (65 km) qismini va Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov avtomobil yo‘lining 128−174 km (46 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha OTB mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, uning doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘lining umumiy uzunligi 111 km.ni tashkil etadi.
Mazkur loyiha natijasida viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro M39 va M41 avtomagistrallari qisqa masofada birlashtirilib, Toshkentga qatnovni amalga oshirayotgan xalqaro va mahalliy avtotashuvchilar uchun mavjud 298 km uzunlikdagi avtomobil yo‘lini 146 km.ga qisqartiradi.
Natijada masofa 152 km.ni tashkil etishi ta’kidlangan xabarda.
Avvalroq Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi joriy yilda boshlanishi ma’lum qilingandi. Makzur temir yo‘l liniyasi Markaziy Osiyodan jahon bozoriga olib boradigan eng qisqa yo‘lga aylanishi kutilmoqda.