Shotlandiyaning Glazgo shahrida BPO bo‘yicha ixtisoslashtirilgan “CX OUTSOURCERS” konferensiyasi o‘tkazildi.

Uning doirasida “IT Park” vakillari kompaniyalar va konsalting agentliklari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, Kanadaning “Ryan Strategic Advisory” konsalting agentligi asoschisi Piter Rayan bilan muzokaralar davomida tomonlar marketing strategiyasini ishlab chiqish va xorijiy BPO kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha maslahatchi bo‘lishiga kelishdi.

Navbatda AQShning tadqiqot, konsalting va texnologiyalarni strategik rivojlantirish hamda BPO yo‘nalishiga ixtisoslashgan “TrendzOwl” konsalting agentligi asoschisi Stiven Loynd bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda tomonlar O‘zbekistonda BPO yo‘nalishini rivojlantirishga ko‘mak beradigan konsalting xizmatlari sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Buyuk Britaniyaning “Sigma Connected” BPO kompaniyasi bilan uchrashuvda, O‘zbekistonda maxsus vakolatlarga ega bo‘lish usuli hamda kompaniyalarga mamlakatda imtiyoz va ko‘mak qay tarzda berilishi haqida so‘zlab berildi.

Shuningdek, konferensiya davomida delegatsiya a’zolari “Covalen Solutions”, “VCosmos” va “Callzilla” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

“Callzilla” rahbari O‘zbekistonda “Microsoft” mahsulotlaridan foydalangan holda BPO faoliyatini tashkil etish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Kompaniya kelajakda kengayish imkoniyati bilan “Microsoft” mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoasi uchun dastlab 25 kishini yollashni rejalashtirmoqda.

Tomonlar “Callzilla” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish yo‘llari hamda bunda “IT Park” tomonidan beriladigan ko‘mak va rag‘bat masalalarini muhokama qilishdi.


Avvalroq tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning BPO bo‘yicha dunyo va O‘zbekiston tajribasi haqidagi maqolasini e’lon qilingandi.