“Soliq” ilovasi orqali tamaki va alkogolli mahsulotlar savdosi bo‘yicha qonunbuzarliklar yuzasidan murojaat jo‘natish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, yangi funksiya aprel oyida qabul qilingan davlat rahbari qaroriga muvofiq ishga tushirildi.

Hujjatda iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kengaytirish va huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarga haq to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

“Soliq hamkor” tizimi orqali arizalar quyidagi huquqbuzarliklar yuzasidan qabul qilinadi:

  • alkogol yoki tamaki mahsulotlarini ruxsatsiz sotish;
  • past sifatli mahsulotlarni sotish;
  • mahsulotlarni aksiz markalari yoki raqamli belgilarsiz, shuningdek qalbaki markalar bilan sotish va hokazo.

Murojaatlar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ular asosida soliq organlari tomonidan tekshirishlar o‘tkaziladi va boshqa choralar ko‘riladi.

Tasdig‘ini topgan murojaatlar bo‘yicha huquqbuzarlik uchun jarimaning 20%i, jinoyatlar uchun esa BHMning 5 baravarigacha (1,6 mln so‘m) miqdorda rag‘batlantiriladi.


Avvalroq prezident “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunni imzolagandi.