Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Amerikaning “SAS” kompaniyasi Mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi katta direktori Hamid Haktan Ishchi bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hamid Haktan Ishchi IT tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ma’lumotlar tahliliga o‘rgatish va sertifikatlar berish borasidagi ishlar haqida gapirib, bunday tashabbuslar O‘zbekistonda ham foydali bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, “SAS” vakili bilan sun’iy intellektni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda hamkorlik qilish va O‘zbekistonda kompaniyaning mintaqaviy vakolatxonasini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.

SAS” AQSh xususiy kompaniyasi bo‘lib, statistik tahlil dasturlari va “Business Intelligence” sinf tizimlarini ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.

Bosh qarorgohi AQShning Keri shahrida joylashgan. Bugungi kunda kompaniya 70 mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatib, 14 yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda.


Avvalroq O‘zbekistonda sun’iy intellekt va shu kabi texnologiyalarni joriy etish 2025-yilga borib mamlakatning ikkita asosiy sanoatida 430 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkinligi ma’lum qilingandi.