Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida Rimda qo‘shma biznes-forum o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Tadbirkorlar yuqori texnologiya, yuqori sifatli mahsulotlar taklif etib, katta qiziqish bildirib, hamkorlik qilishga tayyor. Va bu borada ikki tomonlama hamkorlikning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ko‘mak beramiz”, — dedi Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chirielli.

So‘nggi to‘rt yilning o‘zida O‘zbekistonga jalb etilgan Italiya investitsiyalarining umumiy hajmi 7 barobar, mamlakatda faoliyat yuritayotgan Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa ikki barobar oshgan.

Xususan, asosiy hamkorlar qatorida “Danieli”, “Pietro Fiorentini”, “Terranova”, “Fin Opera” kompaniyalari metallurgiya, elektrotexnika sanoati, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritmoqda.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning asosiy yo‘nalishlari sifatida to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, kimyo va avtomobilsozlik, elektronika kabi sohalar belgilandi.

Forum yakunlari bo‘yicha energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik va mashinasozlik sanoati, ekologiya, transport va logistika, shuningdek, bank sektorini qamrab olgan investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Xususan, Italiyaning “Fin Opera” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda za’faron yetishtirish bo‘yicha qiymati 44 mln yevroga teng loyiha yo‘lga qo‘yilgan.

2023-yilda mazkur kompaniya va uning o‘zbekistonlik sherigi — “BMB Trade Grup” o‘rtasida loyihaga yana 80 mln yevro kiritish to‘g‘risida investitsiya kelishuvi imzolandi.