Markaziy bankda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov hamda moderator sifatida taklif qilingan Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Moderatorning mamlakatning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtiroki bilan bog‘liq tanqidlar haqidagi savoliga Kristalina Georgiyeva javob berib, O‘zbekiston muzokaralar guruhiga o‘z mamlakati manfaatlarini chuqur o‘rganishni tavsiya qilganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish shartlarini kelishib olish va o‘z pozitsiyasini himoya qilish imkoniyatiga ega.
“JSTning amaldagi a’zolari bilan muzokaralarda XVJ [O‘zbekiston]ga yordam beradi. Biz o‘z pozitsiyamiz va himoya qilinishi kerak bo‘lgan ayrim masalalarni chuqurroq anglash uchun mamlakatni qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz”, — dedi Georgiyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, JSTga a’zo bo‘lish ham foyda, ham chiqim olib keladi. Biroq, nega ijobiy tomonlar salbiylardan ustun ekanligini jamiyatga tushuntirish kerak.
U JSTga a’zo bo‘lish kampaniyasi doirasida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishni maslahat berdi.
Shuningdek, XVJ rahbari JSTga kirishning afzalliklari haqida gapirar ekan, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi uchun faqat ichki bozor yetarli emasligini ta’kidladi.
“Aytaylik, sizda [O‘zbekistonda] aholi jon boshiga $4000 daromadingiz bor. Bir necha barobar ko‘p daromadga ega davlatlar bor. U yerda molingizni sotmoqchi emasmisiz? Agar savdo qilmasangiz, o‘sishingiz mumkinmi?” — so‘radi Kristalina Gergiyeva.
O‘z navbatida Timur Ishmetov O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish majburiyatini e’lon qildi. Bundan tashqari, u prezidentning yaqinda qabul qilingan JST masalalari bo‘yicha hukumatning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakil lavozimini yaratish to‘g‘risidagi qarorini ta’kidlab o‘tdi.
Avvalroq davlat rahbari Kristalina Georgiyevani qabul qilgandi. Unda O‘zbekiston bilan XVF o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, pul-kredit va fiskal siyosatni takomillashtirish borasidagi islohotlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.