Joriy yilning 1-iyunidan O‘zbekistonda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi belgilangan.
Unga 2023−2024 yillarda jami $1 mlrd ajratilib, tadbirkorlarga loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.
Bu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.
Mazkur dastur doirasida Savdo-sanoat palatasi tomonidan maxsus Telegram-bot ishlab chiqildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bot tadbirkorlarning ro‘yxatdan o‘tishiga qulayliklar yaratish hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar bilan tanishtirish maqsadida yaratilgan.
U orqali dasturda ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Dastur qanday imtiyozlar beradi?
Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Xususan:
- kamida 20% kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;
- kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- 5 mln so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida quyidagicha yengilliklar oladi:
- ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- ularga QQS, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;
- QQS bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;
- barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;
- bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.
Shuningdek, infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda quyidagicha qo‘shimcha yengilliklar beriladi:
- yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
- qiymati 50 mlrd so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Soliq va bojxona imtiyozlari to‘liq berilishini, arzon kreditlar o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlamagan rahbarlarga javobgarlik choralari ko‘rib boriladi.
Dastur Telegram-botidan havola orqali foydalanish mumkin. Buning uchun botda keltirilgan so‘rov asosida ro‘yxatdan o‘tish kerak.