Avvalroq prezident farmoni bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etilgandi.
Mazkur universitet faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, universitet davlat OTM hisoblanib, faoliyati “Hub and Spoke” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir mutaxassislar, olim, tadqiqotchi, rahbar va tadbirkorlarni tayyorlash ta’lim maskanining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
U yerda ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi va o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida, o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject kabi sertifikatlarga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball qo‘lga kiritib, ushbu fanlar bo‘yicha imtihondan ozod qilinadi.
Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rinlari ajratiladi.
Joriy yil 1-sentabrdan oliy ta’lim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.
Bunda, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning bir yillik to‘lov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda BHMning 3 baravarida (990 ming so‘m), davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga har oyda BHMning 6 baravarida (1 mln 980 ming so‘m) stipendiyalar tayinlanadi.
Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.
Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin — mutaxassisligi bo‘yicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Avvalroq talabalar uchun oylik stipendiya to‘lanadigan o‘quv kurslari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tayyorlov o‘quv kurslari o‘quvchilariga 1 mln 320 ming so‘m oylik stipendiya ajratilib, turar joy, bir mahal ovqat va boshqa imkoniyatlar taqdim etiladi.