O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamayishda davom etmoqda. Markaziy bank 1-iyun holatiga xalqaro zaxiralarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, o‘tgan davrda mamlakat zaxiralari $838 mlnga kamayib, $34,3 mlrdni tashkil etdi.
Aprel oyida mamlakat oltin-valyuta zaxiralari $230 mln.ga kamaygandi. May oyidagi ko‘rsatkich esa joriy yildagi eng yuqori kamayish qayd etilgan fevral oyidagi natijadan keyingi yuqori ko‘rsatkichdir.
Fevralda mamlakat zaxiralari $1,9 mlrd.ga kamaygandi. Biroq, mart oyi davomida ko‘rsatkich $1,4 mlrd.ga oshib, zaxiralar $35,4 mlrd.ga yetgandi.
May oyi davomida oltinning fizik hajmi ham 12,2 mln troy unsiyadan 11,9 mln troy unsiyaga kamaydi. Qiymati ham bir oyda $980 mln.ga kamayib, jami $23,2 mlrd.ni tashkil etgan.
Bu davrda zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyutadagi zaxiralar aprel oyiga nisbatan $158 mln.ga oshib, $10,1 mlrd.ga yetgan.
Dastlabki to‘rt oyda O‘zbekiston 3 mlrddan ortiq oltin eksport qildi. Aprel oyida xorijga qimmatbaho metal yetkazib berish hajmi $650 mlngacha kamaydi.
Aprel oyi oxirida mamlakatning oltin qazib olish hajmini 1,4 barobarga — 150 tonnagacha oshirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.