Fevral oyida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etish belgilangandi.
May oyi boshida poytaxt bo‘ylab harakatlanuvchi 5-, 11-, 18-, 19-, 37-, 44-, 67-, 77-, 83-, 136-, 139-, 142-, 72- va 81-sonli avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida tashkil etilgandi.
Joriy yilning 9-iyunidan yana 7 ta yo‘nalishli avtobuslarda xizmat ko‘rsatish brutto shartnomalari asosida yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kompaniya tarkibidagi avtobus saroylari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan 27, 51, 69, 94, 100, 131, 185-sonli avtobus yo‘nalishlarida kunlik reja bekor qilindi.
Shuningdek, 27- va 185-sonli yo‘nalishlarda “Isuzu” rusumli avtobuslar o‘rniga “SAZ LE-60” rusumli avtobuslar, 61-sonli yo‘nalishda esa 5 dona “Yutong CNG” rusumli avtobuslar harakatlanishi ta’kidlangan xabarda.
Avvalroq may oyi oxirigacha jamoat transportida harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun to‘lov tariflari o‘zgartirilishi ma’lum qilingandi.