Italiyaga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Shavkat Mirziyoyev mamlakat investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashdi.
Unda davlat rahbari jahon iqtisodiyotidagi jiddiy tebranishlar va global yetkazib berish zanjirlari buzilishi sharoitida ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ochiq muloqot muhimligini qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Italiya biznesiga mamlakatda faoliyat yuritishi uchun keng qo‘llab-quvvatlash choralari va samarali maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
“Bugun bizda biznesingiz rivoji va ravnaqi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Barqarorlik, ishonchli kafolatlar, qulay investitsiya muhiti ta’minlangan. Har biringizni Yangi O‘zbekiston — haqiqatan cheksiz imkoniyatlarga ega betakror mamlakat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun yurtimizga kelishni taklif qilaman”, — dedi prezident.
O‘zbekistonning tabiiy resurslari va malakali kadrlarini Italiyaning texnologik va sanoat salohiyati bilan birlashtirishdan hosil bo‘ladigan sinergiya qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish imkonini berishi qayd etildi.
Xususan, energetika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va ko‘plab boshqa sohalar hamkorlik uchun istiqbolli ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Italiya kompaniyalari uchun istiqbolli Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ishlash imkoniyatlarini ochadigan strategik hamkor ekani qayd etildi.
Italiya tadbirkor va sarmoyadorlari O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bunda yuqori texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qilishdi.
Xususan, quyidagi loyihalar haqida so‘z yuritildi:
- Lombardiya viloyati bilan hududlararo hamkorlik dasturlarini kengaytirish;
- O‘zbekistonda gaz taqsimoti tizimini va Toshkent shahrida elektr taqsimot tarmoqlarini modernizatsiya qilish;
- Toshkent issiqlik elektr stansiyasini texnologik jihatdan qayta jihozlash;
- chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish;
- kaliy xlorni tozalash, kaliy gidroksidi, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- za’faron plantatsiyalarini kengaytirish;
- “O‘zmetkombinat” ishlab chiqarish quvvatini oshirish;
- Turin politexnika universiteti bilan birgalikda Italiya texnologiya va innovatsiyalari markazini tashkil etish va boshqalar.
Bundan tashqari, sanoat uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Prezident uchrashuvda aytilgan har bir tashabbusni kompleks “yo‘l xaritasi"ga kiritishga ko‘rsatma berdi.
O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga italiyalik hamkorlarga mamlakatdagi joriy va yangi loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish topshirildi.
Avvalroq O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida umumiy qiymati 9 mlrd yevrodan ortiq kelishuv va shartnomalar imzolangandi.