Bu yil magistraturaga qabul faqat bir marotaba o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovga tayanib, “Ta'lim nazorati” xabar bermoqda.
Vazir qabulga oid jonli efirda 2023-yilgi magistraturaga qabul faqat yozda amalga oshirilishini ta’kidlagan.
“O‘tgan yili ilk marta til sertifikati talab qilingani uchun faqat bir yil uchun 2 marta qabulga ruxsat olgan edik. Lekin bu yil qabul an’anaviy faqat bir marta bo‘ladi”, dedi vazir.
2022−2023 o‘quv yilida magistratura uchun qabul ikki marotaba — yozgi va qishki mavsumda bo‘lgandi.
2022-yilning 20-dekabrida magistratura uchun qishki qabul boshlanib, bunda sertifikat darajasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar barcha talabgorlar hujjat topshirishi mumkin edi.
Biroq, qabul qilingan talabalar o‘qish davomida talab etilgan sertifikatni olish sharti bilan qabul qilingan.
Milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati bilan bu yerda tanishish mumkin.