O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyaning tog‘ kurortlari vakillari “Rosa Xutor — Shimbuloq — Amirsoy” davlatlararo turistik tog‘ yo‘nalishini yaratishga kelishib oldilar. Bu haqda “Spot"ga Yevroosiyo tog‘ kurortlari ittifoqi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Sochi shahrida “Rosa Xutor” (Rossiya), “Shimbuloq” (Qozog‘iston) va “Amirsoy” (O‘zbekiston) tog‘ kurortlari rahbarlari Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansini tuzish to‘g‘risidagi memorandumni imzolagan.

Bu ichki turizmni rivojlantirish uchun umumiy platforma yaratadi, tog‘ kurortlarini birgalikda rivojlantirish, ilg‘or tajriba va tajriba almashish, tog‘ kurort brendlarini mustahkamlash imkonini beradi.

Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansi shtab-kvartirasi Olmaota shahrida joylashadi. Unga qozog‘istonlik jurnalist Andrey Kukushkin rahbarlik qiladi.

O‘tgan yilning may oyida mamlakatlar o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish maqsadida “Amirsoy” va “Rosa Xutor” tog‘li oromgohlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi.

Xususan, dam olish maskanlarida qo‘shma chegirma dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, statistik va ma’lumotnomalar almashinuvi rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” Toshkent iyun oyida rossiyaliklar orasida eng mashhur 3 ta yo‘nalish qatoriga kirgani haqida yozgandi.