O‘zbekiston Belarusdan Afg‘oniston va Pokistonga yangi multimodal transport koridorini yaratish taklifini bildirdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Unda Aripov transport-logistika sohasi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishi ekanini ta’kidlab, yuk tashish hajmining o‘sishida ijobiy dinamikani qayd etdi.
Shuningdek, yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirishdan manfaatdor ekani haqida gapirib, ular istiqbolli bozorlarni ochishini ta’kidladi.
“Mintaqamizdagi asosiy transport arteriyalaridan biri bo‘lgan „Shimol-Janub“ xalqaro yo‘lagini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Birgalikda Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yangi multimodal transport yo‘lagini shakllantirishni taklif qilamiz”, — dedi Abdulla Aripov.
Yevroosiyo hukumatlararo kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham bosh vazir muqobil koridorlarni birgalikda rivojlantirish va yangi ta’minot zanjirlarini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Aripov YeOIIga ikkita temir yo‘l liniyasini amalga oshirishni taklif qildi: Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “Shimol-Janub” global yo‘nalishi imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shuningdek, bosh vazir ekinlarni birgalikda yetishtirish, yashil yo‘laklar, jumladan, “Agroekspress” faoliyatini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hech qanday cheklovlarsiz erkin savdosini ta’minlash tarafdori ekanini bildirdi.
Avvalroq Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev ham ittifog‘ga a’zo davlatlarni Transafg‘on temir yo‘li loyihasida ishtirok etishga taklif qilgandi. Bundan tashqari, prezident “Agroekspress” faoliyatini kengaytirishga chaqirdi.
Shuningdek, “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston yuklarni raqamli tashish tizimini ishga tushirgani haqida yozgandi.