Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu gal texnika olamida o‘z nomiga, o‘z o‘rniga ega brend — “Samsung” kompaniyasining tarixiga nazar tashlaymiz.

Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.


Kompaniyaning tashkil etilishi

1938-yilda Li Byung Chol asosan quritilgan dengiz mahsulotlari, makaron va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotuvchi “Samsung Sanghoe” savdo kompaniyasiga asos soladi.

1950-yillarning boshlarida Koreya urushi biznesni deyarli barbod qildi. Jismoniy aktivlarining katta qismi yo‘q qilinganligi sabab, Li kompaniyani qayta tiklashga majbur bo‘ladi.

Keyin u “Samsung Group” deb nomlangan oilaviy biznes konglomeratiga aylantiradi va sug‘urta hamda qimmatli qog‘ozlarni sotish orqali yangi sohalarni o‘rganishni boshlaydi.

Urushdan keyingi iqtisodiyot biznes uchun qulay ekanligini isbotladi. Xom ashyo va maishiy elektronika uchun mahalliy talab ortib bordi va 1969-yilda “Samsung Electronics” kompaniyasi tashkil etildi, keyinchalik esa boshqa bo‘linmalar ham paydo bo‘ldi.

1987-yilda Li vafot etadi va uning kenja o‘g‘li Li Gong Xi kompaniya rahbari sifatida ishini davom ettiradi. Aynan u sabab “Samsung” brendi butun dunyo bo‘ylab millionlab iste’molchilarni o‘ziga jalb qiladi.

1990-yillarga kelib “Samsung” xalqaro korporatsiya maqomini mustahkamlay boshladi.

“Samsung C&T” kompaniyasi Malayziyadagi ikkita “Petronas” minorasidan birini hamda BAAdagi “Burj Xalifa” binosini quradi.

1992-yilda “Samsung Electronics” dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchiga aylanadi.

2000-yillarning o‘rtalariga kelib “Samsung” maishiy elektronika bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi. U “LG”, “Panasonic” va “Sony” kabi jiddiy raqobatchilarni ortda qoldirib, juda ko‘p televizorlar, audio tizimlar va maishiy texnikalarni sotadi.

Nomning kelib chiqishi

Li o‘z biznesi osmon kabi kuchli va mustahkam bo‘lishini xohlardi. Shuning uchun ham u “Samsung” nomini tanladi, ya’ni bu so‘z koreys tilida “Uch yulduz” degan ma’noni bildiradi.

Shu bilan birga, “sam” timsoli kuch va buyuklikni, “sung” esa abadiylikni anglatadi.

Vaqt o‘tishi bilan uch yulduz “Samsung” kompaniyasining elektronika, axborot texnologiyalari va rivojlanishning asosiy biznes sohalari bilan bog‘lanib qoldi.

Kompaniya logotipining yaratilishi

Birinchi brend logotipi lapsha qadoqlarida paydo bo‘ladi. Uning asosiy elementi keyingi versiyalarda saqlanib qolgan uchta yulduz edi.

Uchta gorizontal chiziqlar “Samsung"ning asosiy mahsulotlaridan biri bo‘lgan guruchli lapshalarni anglatadi, makkajo‘xori boshoqlari esa kompaniyaning qishloq xo‘jaligi biznesiga ishora edi.

Vaqt o‘tishi bilan kompaniya yangi faoliyat yo‘nalishlarini ishga tushiradi va logotipda oziq-ovqat mahsulotlarining ramzlari ham yo‘qoladi.

Yangi logotipda “Samsung” yozuvi paydo bo‘ldi, yulduzlar besh qirralikdan to‘rt qirrali ko‘rinishga o‘zgardi. O‘shanda logotip oq va qora rangda edi.

biznes tarixi, samsung

Foto: logos-world.net

Rangli televizorlar paydo bo‘lishi bilan logotipga ranglar qo‘shildi: endi yulduzlar sakkizburchak shaklida qizil fonga ega edi.

Ular yozuvni olib tashlashmoqchi bo‘lishadi, lekin keyinchalik uni qaytarishga qaror qilishadi.

1993-yilda “Samsung” xalqaro bozorda faol ravishda o‘zini namoyon qildi va keng ko‘lamli rebrendingni amalga oshirdi.

Bu safar yulduzlar o‘rniga koinot ramzi bo‘lgan ko‘k oval paydo bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan u soddalashtirildi.

Endi brend logotipi ko‘k rangli yozuvdan iborat bo‘lib, avvalgi versiya “Samsung Group” korporativ ramzi sifatida talqin qilinadi.

Oxirgi logotipda ikkita diagonal chiziqdan iborat “A” harfi alohida ajralib turadi.

Elektron sanoatdagi faoliyat

Korporotsiyaning elektron sanoat yo‘nalishidagi faoliyatini shubhasiz, mashhur deyish mumkin.

1969-yilda asos solingan “Samsung Electronics” kompaniyasi qurilmalar, yarimo‘tkazgichlar va telekommunikatsiya uskunalarini yaratishni boshlaydi.

Kompaniyaning birinchi ishlanmasi 1970-yillarning boshlarida sotuvga chiqarilgan kichik oq-qora televizor edi.

Vaqt o‘tishi bilan kompaniya turli xil mahsulotlarni ishlab chiqara boshladi — maishiy texnika va motorlardan tortib smartfonlar va quyosh batareyalarigacha.

“Samsung” telefonlari

Kompaniya o‘zining birinchi mobil telefoni “SGH-100"ni 1988-yilda taqdim etgan. 1998-yilda “SGH-600” modeli chiqarildi, bu esa “Samsung"ning Yevropa bozorlariga chiqishiga yordam berdi.

Oradan bir yil o‘tib, ya’ni 1999-yilda kompaniya simsiz Internetga ulangan telefon — smartfon ishlab chiqaradi.

2010-yilga kelib, “Android” operatsion tizimi asosidagi “Galaxy” smartfonlari qatori ishga tushiriladi.

2013-yilda sotuvga chiqarilgan “Samsung Galaxy S4” hali ham 80 mln donadan ortiq sotilgan “Android"ning tijoriy jihatdan eng muvaffaqiyatli modeli hisoblanadi.

Smartfon bilan muammo. 2016-yili “Galaxy Note 7” modeli bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelib chiqadi. Aynan butun dunyo foydalanuvchilari orasida mavjud mazkur smartfonlarning yonib ketishi va portlashi kuzatiladi.

Natijada, o‘sha yilning kuziga kelib kompaniya telefonlari savdosi 15%ga kamayadi. Kompaniya bu muammoni darhol tan oldi va iste’molchilar ishonchini qaytarish uchun harakat qiladi.

2018-yilda kompaniya Hindistonning Noida shahrida dunyodagi eng yirik smartfonlar ishlab chiqaruvchi zavodni ishga tushiradi.

2019-yilda “Samsung” mobil qurilmalarning yangi toifasini ochgan “Galaxy Fold"ni taqdim etadi.

Korporatsiya muntazam ravishda qiziqarli konsepsiyalarni namoyish etadi, masalan, 2020-yilda u kengaytirilgan telefonni taqdim etdi.

“Samsung” smartfonlar bozorida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. 2023-yilning aprel oyi ma’lumotlariga ko‘ra, brendning dunyo bozoridagi ulushi 26,1%ni tashkil etadi.

Kompaniya daromadlari

Garchi “Samsung” o‘nlab yillar davomida o‘zgaruvchan daromadlarni qayd etgan bo‘lsa-da, natijalar hali ham milliardlab ko‘rsatkichni namoyon qilmoqda.

2005-yildan beri “Samsung"ning daromadi $69 mlrd.dan kamaymadi, kompaniya 2017-yilda eng yuqori daromadga erishdi — $222 mlrd.

Sof foyda bo‘yicha kompaniya 2018-yilda o‘zining eng yuqori daromadini qayd etib, $39 mlrd ishlab oldi.

“Samsung Group” daromadining qariyb 30%i uning elektronika bo‘yicha sho’ba korxonasiga to‘g‘ri keladi.

Kompaniyaning 2022-yildagi yillik daromadi $245 mlrd.ni tashkil etib, shundan yillik sof foyda $35,2 mlrd bo‘lgan.