Joriy yilda ham texnikumni tamomlaganlar suhbat asosida OTMning 2-kursiga qabul qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovga tayanib, “Ta'lim nazorati” ma’lum qildi.

Xususan, prezidentning tegishli farmoni hamda hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, 2022-yildan boshlab texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar suhbat asosida OTMlar 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega.

“Bu yili hech qanday o‘zgarishlar yo‘q. Texnikumni bitirganlar suhbat asosida qabul komissiyasi tomonidan yuqori kurslarga qabul qilish imkoniyati bor”, dedi vazir.

Bunda texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga kirish uchun quyidagi shartlarga mos kelishi kerak:

  • texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari “5 (a'lo)” va “4 (yaxshi)” bo‘lishi;
  • bunda o‘zlashtirish baholarining kamida 50%i (tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85%i) “5 (a'lo)” bo‘lishi;
  • birorta “3 (qoniqarli)” bahosi bo‘lmasligi kerak.

Texnikum bitiruvchilari uchun o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

O‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida har yili 5-iyuldan 25 iyulga qadar amalga oshiriladi.