British Council va “Cultural Associates Oksford” “ololo” bilan hamkorlikda madaniy va ijodiy mutaxassislar uchun onlayn ta’lim dasturini ishga tushirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

“Ijodiy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash” mustaqil ta’lim dasturi butun Markaziy Osiyodagi ijodiy soha mutaxassislari hamda davlat va ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan.

Kurs ruscha subtitrlar bilan ingliz tilidagi to‘rt haftalik video darslardan iborat. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar ishtirokida uchta mashg‘ulot o‘tkaziladi.

Ishtirokchilar kurs davomida kreativ iqtisodiyot va ijodiy industriyalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lishlari mumkin.

Bundan tashqari, ijodiy sektor va davlat idoralarining o‘zaro hamkorligi misollari ko‘rsatiladi.

Unga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston mutaxassislari ariza topshirishlari mumkin.

Kursni tugatgan ishtirokchilarga British Council va “Cultural Associates Oxford” tomonidan tamomlanganlik sertifikati beriladi.

Unda ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 22-iyunigacha havola orqali jo‘natish mumkin.

Treninglar 3-iyuldan 28-iyulgacha davom etadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq qizlar uchun video o‘yinlarni yaratish bo‘yicha kursga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.