Davlat daromadiga olingan mol-mulklarni “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Xususan, mazkur do‘kon “E-auksion” elektron savdo platformasida joriy yilning 1-sentabridan joriy etilib, oziq-ovqat mahsulotlari, avtomototransport, ko‘chmas mulk va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa mulkiy huquqlardan tashqari xatlangan mol-mulklar soddalashtirilgan tartibda auksionga chiqariladi.

Mazkur qonun loyihasi bilan belgilanayotgan tegishli nizomga ko‘ra, platformasida ro‘yxatdan o‘tmaganlar savdoni o‘tkazish uchun buyurtma bera olmaydi va savdolarda ishtirok eta olmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tgan buyurtmachi va ishtirokchiga savdo platformasida shaxsiy kabinet ochiladi.

Savdoda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlang‘ich narxining 5%i miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Bojxona organlari, Byuro va boshqa organlar tomonidan savdo obyektini bir vaqtning o‘zida sotish uchun bir nechta buyurtmachilariga berilishi mumkin emasligi ta’kidlangan.

Buyurtmachi operator bilan elektron do‘konda savdoni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzadi.

Agar buyurtma va unga ilova qilingan ma’lumot hamda hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq kelsa, operator buyurtmani olgan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay, savdo o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnomani elektron do‘konda e’lon qiladi.

Shuningdek, operator buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning va unga ilova qilingan hujjatlarning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanmaydi.

Savdo xabarnoma elektron do‘konda e’lon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlanadi va besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar o‘tkaziladi.

Tegishli lot bo‘yicha savdo boshlanganidan so‘ng, bu bo‘yicha ma’lumotlar avtomatik tarzda e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, savdo yakunlangan vaqti va uning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda e’lon qilinadi.

Qaror loyihasi bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni joriy yilning 26-iyunigacha jo‘natish mumkin.


Avvalroq Adliya vazirligi yo‘l belgilarini o‘rnatish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.