“Click” to‘lov tashkiloti “Uzum” kompaniyalar guruhi bilan birlashmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Tomonlar integratsiyalashuv bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risida shartnomani imzolagan.
“Kelajakda kompaniyalar “Click"ni kompaniyalar guruhi ekotizimiga asosiy kirish nuqtalaridan biri bo‘lgan super ilovaga aylantirishni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, buning natijasida chekka hududlarda ham moliyaviy xizmatlar, biznesni rivojlantirish yechimlari va boshqa raqamli mahsulotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin.
Har ikkala tizim ham o‘z faoliyatlarini davom ettirishi ta’kidlangan. Xususan, “Uzum Market” xaridorlari buyurtmalar uchun to‘lovlarni amalga oshirishning yangi imkoniyatlariga ega bo‘lishi, mamlakat bo‘ylab 180 dan ortiq tarqatish punktlari yaratilishi ta’kidlangan.
“Umumiy maqsadimiz — kundalik moliyaviy va maishiy vazifalarni hal etish uchun ekotizim yaratish, tadbirkorlarga jahon standartlari darajasida moliyaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ularning faoliyatini soddalashtirishga ko‘maklashishdir”, — deydi “Uzum” guruhi bosh direktori Jasur Jumayev.
“Click” ham avval e’lon qilingan rejalar bo‘yicha ishlashda davom etadi va birgalikda kompaniyalar kundalik muammolarni hal qilish hamda bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi xizmatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bular qatorida quyidagilar mavjud:
- avia/temir yo‘l/avtomobil chiptalarini bron qilish;
- sayohat agregatori;
- davlat xizmatlari bilan integratsiya.
“Bunday keng imkoniyatlarga ega ikkita yirik o‘yinchining birlashishi bizga bir-birimizning resurslarimizni ko‘paytirishga va yangi keng ko‘lamli vazifani yaratishga imkon beradi”, — deydi “Click” bosh direktori Ulug‘bek Rustamov.
Uning qayd etishicha kompaniya shuningdek, joriy rejalar ustida ishlashni davom ettiradi: kreditlash loyihasi, davlat xizmatlari bilan integratsiyalashuv uchun bir qator loyihalar, turizm va boshqalar.
Avvalroq “AliExpress” foydalanuvchilari buyurtmalarni yetkazib berish uchun “Uzum” buyurtmalarni berish punktini tanlashlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning fevral oyida “Kapitalbank” “Uzum” xoldingi tarkibiga kirishini ma’lum qildi. Aksiyadorlar tarkibidagi o‘zgarishlardan so‘ng bankning “Uzum” guruhining turli xizmatlari bilan hamkorligi boshlanadi.
Mart oyida esa “Uzum” taom yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yishi haqida ma’lum qilindi.