“Standard & Poor’s” reyting agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini barqaror prognoz bilan “BB-” darajasida tasdiqladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar bermoqda.

2023-yil boshidan agentlik tomonidan 9 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston kredit reytingi bo‘yicha barqaror kutilmaning saqlab qolinishi nisbatan mustahkam fiskal va tashqi zaxiralarining mavjudligi tufayli mamlakat iqtisodiyoti kelgusi 12 oy davomida tashqi omillar hamda global iqtisodiyot sekinlashishining qo‘shimcha salbiy ta’sirlarini kamaytirish imkoniyatiga egaligini aks ettiradi.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yilda hukumat likvid aktivlari yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 18,5%ni, foydalaniladigan xalqaro zaxiralar YaIMga nisbatan 30,4%ni tashkil etishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatning sof tashqi kreditor pozisiyasi va sof davlat qarzi yukining mo‘tadilligi mamlakat kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida keltirilgan.

“S&P” prognoziga ko‘ra, 2023−2026-yillarda investitsiya va iqtisodiy (shuningdek, davlat korxonalari sektori) islohotlar hisobiga YaIMning real o‘sishi o‘rtacha 5,4%ni tashkil etishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2023-yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi $2400ni tashkil etishi prognoz qilingan.

“O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish salohiyatining yaxshilanishi va eksport tushumlarining diversifikatsiyasi hamda budjet daromadlarining oshishi respublika kredit reytingini oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Mamlakat kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

  • tashqi omillarning salbiy ta’siri natijasida agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari zaiflashsa;
  • davlat va moliya sektori tashqi qarzlarining o‘sish sur’ati agentlik kutilmalariga nisbatan keskin oshsa;
  • yirik davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (ya'ni, hukumat davlat korxonalarining qarzlarini to‘lashni boshlasa).

“Standard & Poor’s” xalqaro reyting agentligi yiliga ikki marta o‘z prognozlarini ko‘rib chiqadi. 2022-yil dekabrida “S&P” O‘zbekiston iqtisodiyotining yil uchun o‘sishi prognozini 5,7ga oshirdi.


Avvalroq “Spot” Jahon banki hisobotida O‘zbekiston jadal iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishi haqida yozgandi.