Besh oyda O‘zbekistonda yangidan tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 1 279 taga yetdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, bir oyda 415 ta yangi xorijiy korxona tashkil etilgan. Dastlabki to‘rt oyda tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 864 tani tashkil etgandi.
Yanvar-may oylarida davlatlar kesimida eng ko‘p tashkil etilgan xorijiy korxonalar Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — 376 ta. Bir oyda esa mamlakat ishtirokida 35 ta korxona tashkil etilgan.
Undan keyin yetakchilikni Xitoy hamda Turkiya egallamoqda. O‘tgan davrda bu mamlakatlar kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar mos ravishda 245 hamda 121 tani tashkil etadi.
Shuningdek, Qozog‘iston (78 ta), Janubiy Koreya (51 ta), Tojikiston (31 ta), Qirg‘izizton (24 ta), Turkmaniston (22 ta) hamda Ozarbayjon (22 ta) mamlakatlarining kapitali ishtirokida korxonalar tashkil etilgan.
Bular qatorida eng kam tashkil etilgan korxonalar AQSh (18 ta) hamda Germaniya (14 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Umuman, 1-may holatiga mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 12 989 tani tashkil etadi.
2022-yilning noyabr oyida Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi o‘tkazilib, prezindent keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanganini ta’kidlagandi.