2022-yilning dekabrida Vengriya banki “Ipoteka bank"ni sotib oldi. Aksiyalarning 75%i hozir, qolgan 25%i esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil o‘tib sotilishi belgilangan.

Mart oyida prezidentning davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha yig‘ilishida mazkur bank $324 mlnga sotilgani ma’lum qilindi.

17-may kuni “OTP” banki yaqin ikki hafta ichida “Ipoteka bank"ning O‘zbekistondagi birinchi xususiylashtirilishini tugatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.

“Ipoteka bank” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bankni sotib olishning birinchi bosqichi yakunlandi.

Qayd etilishicha, “OTP Bank” “Ipoteka bank"ning Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli aksiyalardan 75%ini sotib olgan, qolgan 25%i esa uch yillik muddatda sotib olinadi.

“OTP Bank kabi yirik xorijiy bankning mahalliy bozorimizga kirib kelishi raqobatni kuchaytirishga, korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish va bank xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev.

2021-yili “Ipoteka bank"ning 75% ulushini Vengriyaning “OTP Bank"iga sotish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.

“Mazkur bitim, albatta, muhim bosqich bo‘ladi va shubhasiz, „OTP Bank“ guruhining a’zosi sifatida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatining yanada yuqori standartlarini taqdim eta olamiz hamda yangi raqamli texnologiyalar, mahsulotlar va boshqaruv tajribasi yordamida bank sektorida yetakchilikka erishamiz.”, — dedi “Ipoteka bank” Boshqaruv raisi Elyor Inomjonov.


Mart oyi oxirida prezident qarori bilan ommaviy savdolar orqali sotiladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 1001 ta aksiya, 1046 ta ko‘chmas mulk hamda 40 ta IPO mavjud.