Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zLIDEPdan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim tashabbuslarni bir joyga jamladi.
Ta’lim va qurilish
Xususan, keyingi yetti yilda qo‘shimcha 100 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratilib, 30 ta yangi maktab va 150 ta maktab uchun qo‘shimcha bino quriladi, 350 tasi ta’mirlanadi.
Ixtisoslashgan maktablar soni ikki karra oshirilib, 32 taga yetkaziladi.
“Biz 1−4-sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berishni Qoraqalpog‘istondan boshlagandik. Endi olis va chekka ovullardagi bolajonlarimizning maktabga borishi uchun avtobus qatnovini ham, birinchi bo‘lib shu zamindan boshlaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash, infratuzilma obyektlari qurilishi bo‘yicha quyidagilar bildirildi:
- mahalla va ovullarda 6 ming kilometr yo‘llar hamda 150 ta ko‘prik ta’mirlanadi;
- 5 ming kilometr elektr tarmog‘i, 1 ming 350 ta transformator va 10 ta podstansiya yangilanadi;
- 70 ming xonadonga ega 2 mingta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshiriladi;
- ijtimoiy va davlat idoralari hamda 17 ming xonadonda 55 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi.
Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yilidan boshlab, oliygohda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun, kim to‘lashidan qat’i nazar, kontrakt to‘lovi daromad solig‘idan ozod qilinishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda agrotexnologiyalar va muhandislik yo‘nalishlarida yetakchi xorijiy oliygohlarning filiallari hamda Nukusda Raqamli texnologiyalar instituti ochiladi.
“Qoraqalpog‘istonda oliy ta’lim qamrovini kelgusi yilning o‘zida 50%ga yetkazishni niyat qilganmiz. Buning uchun chet ellarda o‘qiyotgan yoshlarimizning o‘qishini yurtimiz oliygohlariga davlat granti asosida ko‘chirish amaliyotini yo‘lga qo‘yamiz”, — deya ta’kidladi nomzod.
Shuningdek, muallim va murabbiylar, oliygoh professor-o‘qituvchilar mehnati bundan buyon ham rag‘batlantirib borilishi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash
Qoraqalpog‘istondagi Onkologiya va radiologiya markazi filiali uchun yangi bino quriladi va yangi uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi. Uning hududida bemorlarning yaqinlari vaqtincha yashab turadigan yotoqxona barpo etiladi.
“Kelasi yildan Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irotda ham 200%lik oylik ustama to‘lashni yo‘lga qo‘yamiz (hozirda ustama 100% bo‘lgani uchun, bu tumanlarga vrachlar bormayapti). Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi olis va chekka ovullarda ishlayotgan barcha malakali tibbiyot xodimlariga 5 mln so‘mgacha alohida ustama beriladi”, — dedi nomzod.
Faqat Qoraqalpog‘iston uchun, aholining statsionarda davolanish xarajatlarini daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Ijtimoiy reyestrga kirgan aholi order asosida Toshkent shahri yoki boshqa viloyatga davolanishga kelganida ularga avia va temir yo‘l xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Shu bilan birga, qoraqalpog‘istonlik bolalarga yuqori texnologik operatsiyalar uchun homiylik qilgan tadbirkorlarning ushbu xarajatlari soliq undirish bazasidan chegirib tashlanadi.
Uy-joy qurilishi, IT hamda soliq imtiyozlari
Shavkat Mirziyoyev yoshlar uchun maxsus uy-joylar qurilishi va kelgusi yetti yilda har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlari berilishini ma’lum qildi.
Buning uchun mazkur loyihaga Xo‘jayli tumanidan birinchi bosqichda 100 gektar yer ajratilishi hamda $100 mln mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Shuningdek, Xo‘jayli tumanida tashkil qilinadigan “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi"ga erkin iqtisodiy zona maqomi berilishi va ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash sharti bilan tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari berilishi belgilangan.
Bu markazda ishlab chiqarish obyektlari, kasbga o‘qitish markazlari, “IT Park” filiali hamda loyiha ofislari joylashtiriladi.
Turizm
Nomzod Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtirilishi, To‘rtko‘l, Beruniy, Amudaryo, Xo‘jayli, Qanliko‘l, Qo‘ng‘irotda yo‘l-savdo infratuzilmasi kengaytirilishini qayd etdi.
Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgach yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Buning uchun uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” va uzunligi 196 kilometr bo‘lgan “Miskin-Nukus” temir yo‘l liniyalari elektrlashtiriladi. Bu loyihaga $460 mln yo‘naltirilishi belgilangan.
Bu liniya ishga tushirilgach, “Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva” an’anaviy turistik zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shiladi.
“Natijada, xorijiy va mahalliy sayyohlarning yurtimizda 4−5 kungacha bo‘lishini ta’minlash, turistik xizmatlar eksportini $100 mln.ga yetkazish imkoniyati yaratiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahalla va Ochiq budjet loyihasi
Mahallaning moliyaviy mustaqilligini oshirish bo‘yicha ham qator yangiliklar qilinishi ta’kidlandi.
Bu borada aholidan yig‘iladigan mol-mulk va yer soliqlari yagona mulk solig‘i bo‘lib birlashadi va aholidan undiriladigan qismi mahalla budjetiga to‘liq o‘tkaziladi.
Bu — Qoraqalpog‘istondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 mlrd so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoladi, degani.
Shuningdek, mamlakat bo‘yicha aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 mlrd so‘m penya kechib yuborilishi ma’lum qilindi. (Qoraqalpog‘istonda 30 mlrd so‘mga yaqin).
“Shu bilan birga, mahallalar uchun „Ochiq budjet“ imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz va unga ajratiladigan mablag‘larni 3 karra oshiramiz”, — dedi nomzod.
“Ochiq budjet” loyihalari g‘olib bo‘lishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi va buning uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trln so‘m ajratiladi.