Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev xorazmlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim tashabbuslarni bir joyga jamladi.


Saylovoldi dastur quyidagi beshta strategik maqsadni qamrab olgan:

  • birinchi maqsad — har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish;
  • ikkinchi maqsad — odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
  • uchinchi maqsad — suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • to‘rtinchi maqsad — qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
  • beshinchi maqsad — Yangi O‘zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat.

Nomzod mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha Xorazm viloyatiga oid rejalarini bayon etdi.

Umuman, bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun alohida yetti yillik dastur qabul qilinib, zarur mablag‘ yo‘naltirilishi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga qadar viloyatda maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanishi va qamrov hozirgi 79%dan 100%ga yetkazilishini ma’lum qildi.

Shu maqsadda qariyb 2 trln so‘m mablag‘ hisobiga 500 ga yaqin yangi bog‘cha tashkil etiladi.

“Kelgusi yetti yilda zamonaviy maktablar barpo etish, mavjudlarining quvvatini oshirish hisobiga qo‘shimcha 90 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada, viloyatda o‘quvchisi 30 nafardan ko‘p bo‘lgan sinflar qolmaydi”, — dedi nomzod.

Xorazmda aholining suv ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilishi aytildi.

Aholining uy-joyga o‘sib borayotgan talabini qondirish maqsadida, 50 ming xonadonga ega 2 mingta ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.

Shu bilan birga, 2030-yilgacha Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari, Gurlan, Tuproqqal’a, Hazorasp, Bog‘ot, Xonqa va Yangiariq tumanlaridagi 1 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Buning uchun $100 mln yo‘naltiriladi.

“Xorazmning “tashrif qog‘ozi” IT bo‘ladi. Avvalo, “maktab — oliygoh — IT kompaniyasi"dan iborat yaxlit IT ta’lim va xizmatlar zanjiri yaratiladi” — dedi prezident.

Buning uchun, viloyatda yetti yilga mo‘ljallangan, raqamlashtirish sohasida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” deb nomlangan loyihaga start beriladi.

Bog‘chalarda kompyuter sinflarini tashkil qilish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga planshet tarqatish Xorazmdan boshlanadi.

Birinchi bosqichda viloyatdagi 543 ta maktabdan 110 tasi tanlab olinib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga “noutbuk” olib beriladi. Yuqori sinflarda dasturlash, veb-dizayn kabi sohalar kasb sifatida o‘qitiladi.

Pitnakdagi avtomobil zavodi quvvatlari kelgusi yilning o‘zida hozirgi 90 ming donadan, 150 mingga yetkaziladi.

Shu yerning o‘zida yangi avto va elektromobillar ishlab chiqarish uchun 30 ta korxonadan iborat mashinasozlik klasteri tashkil etiladi va import bo‘layotgan 100 xil turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtiriladi.

“Bu klasterlarda 2030-yilga kelib, yiliga $2 mlrd.lik mahsulot ishlab chiqariladi”, — dedi nomzod.

2025-yildan Toshkent-Xiva “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun, Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘li $365 mln investitsiya hisobiga elektrlashtiriladi.

Kelgusi yetti yilda Xorazmda turizm uchun, yo‘l, elektr va suv infratuzilmasiga $200 mln sarflanadi.

“Iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirib, „korxona — oliygoh — ilmiy tashkilot“ klaster tizimini faol qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.

Kelgusi yetti yilda amaliy tadqiqotlarga davlat tomonidan 4 trln so‘m, tarmoqlar va xususiy sektor tomonidan ham yana shuncha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Innovatsiya jamg‘armasiga 5 trln so‘m ajratilib, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Til va adabiyot, tarix, arxeologiya, madaniyat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ilmiy-tadqiqot dasturlari qabul qilinadi.

Buning uchun kelgusi yetti yilda 2 trln so‘m ajratiladi. Ilmiy tashkilot xodimlarining ish haqi ham ikki barobar oshirilishi qayd etildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashib, unda o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilgandi.