Xitoyning “China Energy” kompaniyasi Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida fotoelektr stansiyalari, Samarqandda esa sement zavodini qurmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha vazir Laziz Qudratov bilan Xitoy kompaniyasi Boshqaruvi raisi Song Xayliang o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Xususan, Qashqadaryo va Buxoroda qurilishi ta’kidlanayotgan fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvati 1000 MVtni, Samarqanddagi sement zavodi quvvati esa 3 mln tonnani tashkil etadi.

Tomonlar mazkur loyihalarni imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligini ta’kidlab, joriy yilda fotoelektr stansiyalari va sement zavodining 400 MVt quvvati, 2024-yilning oxirigacha esa qolgan 600 MVt quvvatlarini ishga tushirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishiga kelishdi.

Shuningdek, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha konstruktiv fikr almashildi.

Xitoy tomoni hududlarda energiya tizimlarini modernizatsiya qilish va “yashil” energiya ishlab chiqarish sohasida mutaxassislarni tayyorlash borasidagi rejalarini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, kompaniyaning infratuzilmani rivojlantirish sohasida innovatsion ishlanmalarni qo‘llash doirasida maslahat va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.

Yakunda kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, ijrochilari va muddatlari aks etgan qo‘shma ishchi guruh tuzish va loyihalarni amalga oshirish dasturini ishlab chiqish masalasi kelishib olindi.

Kompaniya haqida

China Energy” 2017-yil noyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Pekinda joylashgan.

Kompaniya ko‘mir qazib olish, issiqlik, shamol, quyosh va gidroinshootlardan energiya ishlab chiqarish, neft-kimyo, temir yo‘l va dengiz transporti, logistika va moliya sohasida xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

Uning moliyaviy aylanmasi $240 mlrd.dan, xodimlari soni esa 338,5 ming kishidan oshadi. Shuningdek, dunyoning 147 ta davlatida o‘zining 206 ta filialiga ega.


Xitoy kompaniyalarining energetika bo‘yicha loyihalari

Avvalroq O‘zbekistonda Xitoy bilan yana 11 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi ma’lum bo‘lgandi. Mazkur loyihalarning jami qiymati $4,4 mlrdni, umumiy quvvati esa qariyb 5 gigavattni tashkil etadi.

Xitoyning “CC7 Industries” kompaniyasi Toshkentdagi 30 ta korxonaga quyosh panellarini o‘rnatadi. Kompaniya tomononidan binolar tomidagi 747 ming kv metr maydonga 100 MVt quvvatga ega panellar joylashtiriladi.

Joriy yilning fevral oyida Xitoyning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqandda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi ma’lum bo‘ldi.

Loyiha doirasida kompaniya tomonidan $2 mlrd yo‘naltirilib, stansiyalarning ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, to‘liq quvvatda esa 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Undan keyin mamlakatning “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalari bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Bundan tashqari, “Anxoy Conch Sement” kompaniyasi Surxondaryoda quyosh fotoelektr stansiyasini qurmoqchi. Loyiha 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unga $200 mln investitsiya kiritish taklifi bildirilgan.

“China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” va “SANY Renewable energy” kompaniyalari Jizzaxda shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, “Huadian Xinjiang Power” kompaniyasi Navoiy va Farg‘onada quyosh elektr stansiyalarini quradi.