Joriy yilning 1-iyunidan O‘zbekistonda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi belgilangandi.
Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilib, unda tadbirkorlar “hamkorlik shartnomalari” asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
Mazkur “Hamkorlik shartnomalari” 3 yilgacha muddatga tuzilib, mazkur shartnimani tuzgan tadbirkorlarga dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi.
Dasturda kamida 2 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlar — yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.
2023−2024 yillarda dasturni amalga oshirish uchun jami $1 mlrd miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan banklar tomonidan kreditlar dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14% stavkada quyidagi ro‘yxatga muvofiq miqdorlarda ajratiladi:
Dastur doirasida tadbirkorlar tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yilgacha tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20%ini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi.
Shuningdek, fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50%ga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.
Shuningdek, quyidagi imyitozlar ham qo‘llaniladi:
- barcha soliqlar (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz 1 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
- davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va yerga bo‘lgan huquqlar auksion orqali sotib olinganda, to‘lovlarni 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
- bojxona nazoratini amalga oshirishda “yashil yo‘lak” qoidalari amal qiladi;
- barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
Farmonga ko‘ra, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi. Bu tizim birinchi bosqichda 2023/2024 o‘quv yilida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3−4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi.
Avvalroq mazkur dastur doirasida Savdo-sanoat palatasi tomonidan maxsus Telegram-bot ishlab chiqildi. U orqali dasturda ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.