Kelajakda Rossiya MDH davlatlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun raqamli rubldan foydalanishni boshlashi mumkin. Bu haqda “Stolipin” nomidagi o‘sish iqtisodiyot instituti va “Soyuz” banki hisobotiga tayanib, “RBC” nashri xabar bermoqda.

Tadqiqot mualliflarining fikriga ko‘ra, raqamli rubl yoki kriptorubl sanksiyalar cheklovlari ostida transchegaraviy to‘lovlarni amalga oshirishning qulay, tez va xavfsiz usuliga aylanishi mumkin.

Raqamli valyutalardan foydalangan holda transchegaraviy to‘lovlar platformasini sinovdan o‘tkazish dasturida ishtirok etish uchun nafaqat markaziy banklar, balki ishtirokchi mamlakatlarning tijorat banklari va yirik korxonalarini ham jalb qilish tavsiya etiladi.

“Tijorat banklarining boshqa mamlakatlarning raqamli valyutalariga kirish muammosi oson hal qilinadi, chunki u markaziy banklar platformasida sodir bo‘ladi”, — deya ta’kidlanadi hisobotda.

Biroq bunday platformani yaratish uchun hukumatlararo bitimlar tuzish talab qilinadi.

Shu bilan birga, sanktsiyalar ostida qolish xavfi deyarli yo‘q qilinadi, chunki xalqaro to‘lov tizimlaridan uzilish, to‘lovlarni bloklash yoki chekash mumkin emas.

Biroq, platformaga ulangan mamlakatlarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar xavfi mavjud, ular Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishda gumon qilinishi mumkin.

Raqamli rublni joriy qilish ishlari 2020-yil oktabr oyida boshlangan. Kriptovalyutalardan farqli o‘laroq, Markaziy bankning raqamli valyutasi naqd va naqd pulsiz rubllar bilan bir qatorda milliy valyutaning ekvivalent shakli hisoblanadi.

1-apreldan Rossiyada raqamli rubl sinovdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Rossiya Davlat dumasi raqamli rublni muomalaga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagandi.

O‘zbekiston Markaziy banki ham o‘tgan yilning fevral oyida raqamli milliy valyuta ishlab chiqilishini e’lon qilgandi.


Avvalroq “Spot” “MTC-Bank” O‘zbekistonda QR-kod yordamida xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirish xizmatini ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.