Anomal issiq ta’sirida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli hajmi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar yangilandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Xususan, 13-iyun kuni mamlakatda jami 231,7 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflangan. Bu miqdor iyun oyi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bundan bir yil avvalgi, xuddi shu kunda 202 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, o‘sish ko‘rsatkichi 14,7%ni tashkil qilmoqda.

14-iyun kuni soat 11:00 ga qadar esa soatlik ehtiyoj hajmi 11 080 MVtni tashkil qildi. Bu esa 2022-yilning xuddi shu sanasidagi holat bilan taqqoslanganda, 1600 MVt (15,4%) ko‘p elektr toki sarflanganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu quvvat deyarli to‘rtta bug‘-gaz qurilmasining yoki ikkita “To‘raqo‘rg‘on” IESning quvvatiga teng. 14-iyun sanasi uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 238−239 mln kVt/soatga yetishi kutilmoqda.

Mazkur raqam 2022-yilning mos davrida qayd etilgan iste’mol miqdoridan qariyb 30 mln kVt/soat yoki 14,8% ko‘p hisoblanadi.

2022-yilning iyul oyida yuz bergan eng anomal issiq haroratli davrda ham maksimal yuklama 10 800 MVtdan, sutkalik maksimal iste’mol hajmi esa 238,2 mln kVt/soatdan oshmagan.

Elektr energiyasining yuqori iste’moli, ayniqsa, Toshkentda kuzatilmoqda.

Masalan, 2021-yilning 13-iyun sanasida poytaxt aholisi 7,6 mln kVt/soat tok ishlatgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilning xuddi shu kunida 17,08 mln kVt/soatni, bu yil esa 26,4 mln kVt/soatni tashkil qilgan.

Ayrim hududlarda tizim doirasida ta’mirlash ishlarining muntazam olib borilishiga qaramasdan mavjud barcha elektr stansiyalari tomonidan yetarli miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, zarur miqdorda yoqilg‘i materiallari zaxirasi qilingan, kerakli mutaxassislar, ishchi-xodimlar jalb etilgan.

Shuningdek, kelishuvlarga asosan qo‘shni davlatlardan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi import qilinib, ichki iste’molga yo‘naltirilmoqda.

Anomal issiq elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ham 20%ga tushirib, tizimda yo‘qotishlarni hosil qilishi mumkinligi qayd etilgan xabarda.


Avvalroq poytaxtning 4 ta tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilfani haqida xabar berilgandi.