Toshkentda jamoat transportidan foydalanuvchilar soni oshmoqda. Bu haqda Transport vazirligi “Toshshahartransxizmat"ga tayanib xabar berdi.

Bu kompaniya harakat tarkibining yangilanishi, yo‘nalishlarga yangi katta va o‘ta katta sig‘imli avtobus va elektrobuslarning chiqarilishi natijasida qayd etiliayotgani ta’kidlanmoqda.

Xususan, yo‘lovchi tashuvlari joriy yilning may oyida kunlik 782 ming nafar yo‘lovchini tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 63% (478 mingta) ga oshgan.

May oyida kunlik 1330 ta avtobus yo‘nalishga chiqarilgan, 2022-yilning shu davrida kunlik avtobuslar soni 806tani tashkil etgan. O‘sish 40%ni ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, may oyida amalga oshirilgan kunlik qatnovlar soni 16 741 tani tashkil etgan. Natijada 2022-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 60%ga oshgan. O‘tgan yili kunlik qatnov 10 424 tani tashkil etgan.


May oyi boshida poytaxt bo‘ylab harakatlanuvchi 5-, 11-, 18-, 19-, 37-, 44-, 67-, 77-, 83-, 136-, 139-, 142-, 72- va 81-sonli avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida tashkil etilgandi.

Iyundan yana 7 ta yo‘nalishli avtobuslarda xizmat ko‘rsatish brutto shartnomalari asosida yo‘lga qo‘yildi.

Avvalroq may oyi oxirigacha jamoat transportida harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun to‘lov tariflari o‘zgartirilishi ma’lum qilingandi.