Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi dasturni ishga tushirmoqda. Bu haqda moliya korporatsiyasi matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Har ikki tashkilot O‘zbekiston tomoni, mahalliy ish beruvchilar va ishchilar uyushmalari bilan memorandum imzolagan. Hujjatda dastlab ikki yilga mo‘ljallangan dastur shartlari ko‘rsatilgan.

“Better Work” dasturi muvofiqlikni baholash, o‘qitish va texnik yordam ko‘rsatish orqali to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalarining mehnat standartlarini ta’minlash va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

“Dastur to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida barqaror o‘sishga yordam beradi, bu esa minglab yangi munosib ish o‘rinlarining yaratilishiga zamin yaratadi., Loyiha asosan qishloq joylarida tikuvchilik sanoatida faoliyat yurituvchi ayollar uchun mo‘ljallangan”, — dedi “Better Work” dasturi delegatsiyasi rahbari Konor Boyl.

Memorandum O‘zbekiston hukumati, Jahon banki, XMT va boshqa manfaatdor tomonlarning paxta dalalarida mehnat va ekologik standartlarni yaxshilash bo‘yicha loyihalariga asoslanadi.

2016-yildan beri IFC maslahat va moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali O‘zbekistonda paxta va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab keladi.


Avvalroq “Wildberries” O‘zbekistonda biznes maktabini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.