Toshkent-Andijon muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha mega-loyiha joriy yil oxirigacha boshlanadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda ta’kidladi.
Unga ko‘ra, mazkur loyiha Jahon banki bilan amalga oshirilib, uning qiymati $2,5 mlrd.ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, uni amalga oshirish natijasida, Andijondan Toshkentga borish vaqti hozirgi 5 soatdan 3 soatga qisqarishi ta’kidlanmoqda.
Mazkur loyiha 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5 ta loyihadan bittasi hisoblanadi.
Shuningdek, Andijon xalqaro aeroporti standartlar asosida to‘liq ta’mirlanadi va bunga $350 mln yo‘naltiriladi.
“Vodiy aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida, „Andijon-Farg‘ona-Qo‘qon-Namangan-Andijon“ temir yo‘l halqasi bo‘ylab 4 ta elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi nomzod.
Natijada, kuniga 8 ta qatnov tashkil etilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Buning uchun $40 mln jalb qilinadi.