O‘zbekistonning 3 ta viloyatida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha prezident tegishli qarorlarni imzoladi.
Unga ko‘ra, quyidagi hududlarda umumiy quvvati 1400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi:
- Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida quvvati 400 MVt bo‘lgan;
- Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan;
- Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan.
Shuningdek, Yuqorichirchiq tumanida quvvati 334 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi.
Mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida investitsiya bitimlari tasdiqlanib, elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar ma’qullanishi ta’kidlangan.
Tegishli loyiha kompaniyalari tomonidan yer uchastkalari uchun to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdori yer solig‘i miqdoriga tenglashtiriladi.
Joriy yilda mamlakatda umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirilishi belgilangan. Xususan:
- 2 100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari;
- 1 200 MVt — ijtimoiy soha, xo‘jalik bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari;
- 550 MVt — tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Qashqadaryo va Buxoroda fotoelektr stansiyalari, Samarqandda esa sement zavodi qurishi haqida xabar berilgandi.