Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Islom taraqqiyot banki Surxondaryoda elektr stansiyasi qurish uchun davlat kafolatisiz 325 mln yevro investitsiya kiritmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Surxondaryoda 1560 MVt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish uchun 225 mln yevro ajratishini e’lon qildi.
Shuningdek, Islom taraqqiyot banki ham ayni shu maqsadlar uchun 100 mln yevro miqdorida mablag‘ ajratmoqda.
“A” kategoriyasiga kiruvchi mazkur loyiha 2022-yilning aprelida ishlab chiqilgan bo‘lib, shu yil 17-may sanasida so‘nggi baholash ishlari olib borilgandi.
Loyiha Surxondaryo viloyatining Angor tumanida, “Uchqizil” suv omborining shimoli-sharqida joylashgan hududda amalga oshiriladi.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad esa O‘zbekiston energetika sektorini karbonsizlashtirish strategiyasiga muvofiq, yuqori samarador elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishdan iboratdir.
Avvalroq “Spot” Sirdaryoda quvvati 1573 MVt bo‘lgan yana bir bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, joriy yilda O‘zbekistonda 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani xabar berilgandi.
Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Jizzaxda 1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES ishga tushirilib, yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.