Shavkat Mirziyoyev “Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1 200 sm kubdan yuqori bo‘lmagan yangi yengil avtotransport vositalari uchun (TN TIF kodi 8703 21 10, 8703 22 10 va 8703 31 10) 2026-yilga quyidagi bojxona boji stavkalari belgilanmoqda:

  • 1 000 sm kubgacha — 0% (amalda — 15% + $0,4/kub sm);
  • 1 000−1 200 sm kub — 5% (amalda — 15% + $0,6/kub sm).

Natijada dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarining jami miqdori amaldagi 39−43% dan 19−23% gacha, dvigatel hajmi 1 000−1 200 sm kub bo‘lgan avtomobillar uchun esa 44−52% dan 30−36% gacha kamayadi.

Yangi qaror narxga qanday ta’sir qiladi?

Quyida dvigatel hajmi 1200 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona stavkalarining kamaytirilishi, 1000 sm kubgacha bo‘lganlariga esa 0%ga tushirilishi narxlarga qanday ta’sir qilishi hisob-kitob qilingan.

Xususan, 1 000 sm kub hajmli avtomobil uchun bu toifaga kiruvchi bozor narxi $10 ming bo‘lgan avtomobil misolida qaralsa, quyidagi majburiy to‘lovlar mavjud:


Avval
Hozir
Farq
Bojxona boji
$1 900 (15% + $0,4/kub sm)
0%ga tushirildi
$1 900
QQS (12%)
$1 428 (bojxona boji qo‘shilgach hisoblangan)
$1 200
$228

Shuningdek, utilizatsiya yig‘imi (bazaviy stavkaning 30 baravari) taxminan $846 (9 mln 900 ming so‘m)ni hamda bojxona yig‘imi (0,2%) taxminan $20 ni tashkil etadi.

Jami hisoblab chiqilsa, avvalgi narx $14 194 bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi narx $12 066 bo‘ladi. O‘rtadagi farq esa 2 128 ni tashkil etadi.

Demak, dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha, narxi $10 ming bo‘lgan avtomobil uchun to‘lanadigan majburiy to‘lovlar taxminan $2 128 ga arzonlaydi.

Bu hisob-kitoblarda logistika narxi hisobga olinmagan.