Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Janubiy Koreyaning “KOTRA” agentligi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish istagida bo‘lgan koreyalik yetakchi korxonalarning uchuvchisiz parvoz apparatlari taqdim etildi.

Jumladan Janubiy Koreyaning “Geospatial Information”, “HUINS”, “PRENEU”, “Samsung drone”, “Meissa” va “SEESAW D&U” kompaniyalari ishlab chiqargan va aynan qishloq xo‘jaligida qo‘llash mumkin bo‘lgan dronlar — uchuvchisiz parvoz apparatlari bilan o‘zbekistonlik mutaxassislar tanishtirildi.

Tadbirda Janubiy koreyalik mutaxassislar ishlab chiqqan yuqori unumdor va ko‘p funksiyali dronlar, sun’iy intellekt texnologiyalari, ekin ekish ishlarining kompleks monitoringi, o‘g‘itlash va o‘simliklar kasallanishiga qarshi kurashni yuqori aniqlikda o‘tkazish imkonini beruvchi innovatsion yechimlardan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida foydalanish imkoniyatlari muhokama etildi.


Avvalroq “Spot” qishloq xoʻjaligi yerlarini dronlar yordamida kuzatish yoʻlga qoʻyilishi haqida yozgandi.

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.

Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.

Yil boshida prezident Oʻzbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.